(+99879) 224-01-21 Maktab ma`muriyati
» » Sel kelish xavfi yuzaga kelganda aholiga eslatma!

Sel kelish xavfi yuzaga kelganda aholiga eslatma!

  • 11-03-2017, 20:32
  • ziyo11
  •  
  • 1490
  •  
  •  
Sel - katta miqdorda tog‘ toshlari, qum va tuproq jinslari bilan birgalikda tog‘dan oqib tushuvchi suv oqimi bo‘lib, muntazam jala quyishi (85% holatlarda), tog‘ qorlarining erishi (4% hollarida), tog‘ suv havzalari,  suv omborlari, muzlagan suv havzalari qirg‘oqlarining  o‘pirilib ketishi (1,3% hollarida) va boshqa sabablar (9,7% hollarda) olib kelishi mumkin. 

Katta hajmga va yuqori tezlikka ega bo‘lgan sel oqimi, yo‘lidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xo‘jalik ekinlarini, bog‘larni payhon qiladi. Odamlar va hayvonlarni nobud qiladi.
 
O‘zbekiston Respublikasidagi barcha tog‘ va tog‘ oldi hududlari sel xavfi bo‘lgan zonalarga kiritilgan. Respublikaning Namangan (19%), Farg‘ona (14%), Surxondaryo (13%), Toshkent (12%), Samarkand (12%) va Qashqadaryo viloyatlari (12%) hududlari suv toshqini-sel xavfi mavjud hududlardan hisoblanadi.

Sel oqimi vujudga kelishi aprel va may oylariga to‘g‘ri keladi, bu davrda  tog‘ va tog‘ oldi hududlarida ko‘p yomg‘ir yog‘ishi kuzatilgan.
 
Sel xavfi bo‘lganda aholining harakati bo‘yicha tavsiyalar
 
1. Sel   xavfi   bo‘lgan   hududlarda  yashovchi   har   bir   kishi  uning uyi, xo‘jaligini sel kelish hududida joylashganligi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak va Uzgidromet, FVV/FVB, hokimiyatlar vakillari  tomonidan berilgan ko‘rsatmalardagi sel va suv toshqinidan himoya qilish yo‘l-yo‘riqlariga albatta amal qilishi lozim. 

2. Sel oqimining o‘tishi va uning oqibatlari katta moddiy zarar keltirib, odamlar hayot va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin (sel oqibatida odamlarning qurbon bo‘lganligi bir necha marta qayd qilingan).

3. Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi to‘g‘risida habar eshitgandan so‘ng darxol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining  tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda, xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun  vaqt juda chegaralanganligini  (bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha bo‘lishi mumkin) doimo yodda tutish lozim.  

4. Sel oqimidan xalos bo‘lishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror balandroq moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat vaqt davom etishi mumkin.

5. Sel oqimi o‘tgandan so‘ng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.
 
Sel  oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar

1. Doimo sel-suv toshqini ro‘y berishi ehtimol bo‘lgan hududlarda joylashgan uy-joylar va boshqa ob’ektlar ro‘yxati aniqlanib turiladi, aholi va ob’ektlarni muhofaza qilish uchun o‘tkaziladigan tadbirlarning yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilgan tegishli tavsiyanomalar tarqatiladi.

2. Sel oqimi xavfi bo‘lgan qayirlarda ishlab chiqarish muassasalari va uy-joylarini ishonchli muhofaza inshootlari bo‘lmagan va O‘zgidromet bilan kelishilmagan holda qurish qat’iyan man etiladi.

3. Sel xavfi yuzaga kelganda kuzatuv va xabar berish xizmati tashkil etiladi.

4. Quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi: yonbag‘irlarda erga ko‘ndalangiga ishlov berish, tog‘ yonbag‘irlarini pog‘ona-pog‘ona qilish, tog‘ adirlarida suv yo‘llari ochish, er haydalib ekiladigan ekinlarni ekishga yo‘l qo‘ymaslik, emirilishga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, daryo o‘zanlari, tog‘ adirlarida o‘rmonchilikni tashkil etish va ularni saqlash.

5. Sel omborlari, selni ushlab turuvchi, selni boshqaruvchi va selga qarshi gidrotexnik inshoot, selxonalarni qurish ishlari amalga oshiriladi.
 
Gidrometeorologik hodisalarni kuzatish va nazorat qilish O‘zgidromet va uning bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xuzuridagi sel-toshqin va qor ko‘chkilari ehtimoli mavjud zonalarni aniqlash, tekshirish va dala kuzatishlar yo‘li bilan amalga oshiriladi. Dala kuzatuvlari ma’lumotlariga ko‘ra so‘nggi yillarda xavfli zonada joylashgan inshootlar soni oshishi kuzatilmoqda.

Ko‘p yillik kuzatishlar mobaynida O‘zbekiston hududida sel toshish ehtimoli aprel-iyun oylarida bir muncha faollashuvi qayd etilgan va sodir bo‘lgan hodisalar quyidagicha taqsimlangan: aprel oyida 30 %, may oyida 36 %, iyun oyida 14 %.

Aprel-may oylarida Toshkent, Jizzax, Samarqand, Surxandaryo. Qashqadaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi tog‘-yonbag‘irlarida sel toshqinlarining bo‘lishi kuzatiladi. Iyun-iyul oylarida sel toshqinlari Namangan va Farg‘ona viloyatlari tog‘-yonbag‘ri hududlarida sel-toshqin harakati saqlanib qoladi. Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham sel toshqinlari bo‘lib o‘tish ehtimoli mavjud.

Gidrometeorologiya bosh boshqarmasining viloyatlardagi bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida sel toshqini xavfi mavjud bo‘lgan asosiy hududlari deb:

Farg‘ona vodiysi (Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari);

Janubiy O‘zbekiston (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari);

Shimoli-sharqiy va Sharqiy O‘zbekiston (Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari) belgilandi.
 

Maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing.



Ma`lumot
Mehmon guruhida bo`lgan Foydalanuvchilar ushbu maqolaga sharh qoldira olishmaydi.

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish