(+99879) 224-01-21 Maktab ma`muriyati
» » O‘quv yili yakuniga bag‘ishlandi

O‘quv yili yakuniga bag‘ishlandi

  • 23-05-2014, 10:18
  • admin1
  •  
  • 3137
  •  
  •  
O‘quv yili yakuniga bag‘ishlandi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2013/2014 o‘quv yili yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni yuksak bilim va tafakkurli, har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga izchil tatbiq etilayotgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, bolalar sporti, musiqa va san’at ta’limini rivojlantirishga oid qarorlar, dasturlar o‘qitish tizimini sifat va mazmun jihatdan tubdan takomillashtirish imkonini bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 15729 ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4 million 458 ming nafardan ortiq o‘quvchiga 390 ming nafardan ziyod ustoz va murabbiy, maktabgacha ta’lim maskanlarida 581 ming nafardan ziyod kichkintoyga qariyb 52 ming nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda.

Joriy o‘quv yilida 394 ta’lim maskani o‘quv jihozlari, 1920 maktab qo‘shimcha jihozlar, 1485 maktab komputer texnikasi bilan ta’minlandi.

2014-yilda 3024 umumta’lim maktabi va 48 bolalar musiqa va san’at maktabini 106,2 milliard so‘mlik mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, komputer texnikasi, sport anjomlari va musiqa asboblari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflari chet tili kabinetlarini 4193 to‘plam texnik vositalar hamda yuqori sinf chet tili xonalarini 1500 to‘plam komputer texnikasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Ayni paytda bilim maskanlaridagi chet tillari xonalari uchun texnik vositalar, o‘quv adabiyotlari, lug‘atlar, rasmlar to‘plami, komputer texnikasini yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2013/2014 o‘quv yilida 392 nomdagi 22,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, joylarga yetkazildi. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitiladigan 18 umumta’lim fani bo‘yicha 38 umumiy o‘rta, 28 o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlarida kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari loyihalarining tajriba-sinov jarayoni amalga oshirilmoqda.

Joriy o‘quv yilida maktab o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan bilimlar bellashuvining dastlabki bosqichida 1,9 million nafar o‘quvchi ishtirok etgani o‘g‘il-qizlarning o‘qishga bo‘lgan intilishi muttasil ortayotganidan dalolat beradi.

Ta’lim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, fanlar bo‘yicha ilg‘or tajriba, pedagogik texnologiyalarni o‘qituvchilarga yetkazish maqsadida oliy ta’lim maskanlari professor-o‘qituvchilari tuman va shaharlardagi maktablarga biriktirilib, barcha fanlar bo‘yicha «Mahorat maktablari» faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha 194 tayanch maktab tashkil etilib, 400 ming nafarga yaqin pedagog uchun 72 soatlik maxsus o‘quvlar o‘tkazildi. Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi bazasida masofaviy metodik xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni kunda maktablarning 9-sinflarida 501 ming 564 nafar o‘g‘il-qiz bilim olmoqda. Ularni ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish maqsadida 1-9-sinf o‘quvchilariga oid to‘liq ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bolalarning kelgusida qaysi kollej yoki litseyda tahsilni davom ettirishini mukammal o‘rganish maqsadida maxsus so‘rovnomalar o‘tkazildi. «Kasblar festivali», o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dargohlarida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlarining tashkil etilishi bolalarning to‘g‘ri kasb tanlashiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.
 
 
 


Maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing.



Ma`lumot
Mehmon guruhida bo`lgan Foydalanuvchilar ushbu maqolaga sharh qoldira olishmaydi.

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish