(+99879) 224-01-21 Maktab ma`muriyati
» » » Yakka mehnat nizolari komissiyalari faoliyatini tashkil etish yuzasidan NIZOM

Yakka mehnat nizolari komissiyalari faoliyatini tashkil etish yuzasidan NIZOM

  • 21-11-2016, 14:57
  • ziyo11
  •  
  • 1524
  •  
  •  
I. Umumiy qoidalar
II. Komissiyalarni shakllantirish
III. Komissiyaning ishini tashkil etish
IV. Komissiyaga nizolar yuzasidan murojaat etish
V. Komissiyada nizolarni ko’rib chiqish tartibi
VI. Komissiya qarorini bajarish
VII. Komissiya qarori ustidan shikoyat qilish
VIII. Kasaba uyushmasining komissiya faoliyatiga ko’maklashish borasidagi vazifalari
IX. Yakuniy qoidalar
 
I. Umumiy qoidalar
 
Mazkur tavsiyalar korxona, muassasa va tashkilotlar (keyingi o’rinlarda – "korxona”)da yakka mehnat nizolarini ko’rib chiqishning yagona amaliyotini shakllantirish, nizolarni hal etish samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan bo’lib, yakka mehnat nizolari komissiyalarini tuzish, ular tomonidan  yakka mehnat nizolarini ko’rib chiqish tartibi, komissiya qarori va uni bajarishga doir tavsiyalarni o’z ichiga oladi.
Tavsiyalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo’llaniladi:
Yakka mehnat nizolari (keyingi o’rinlarda – "nizo”) – bu ish beruvchi va xodim o’rtasida mehnat to’g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qo’llanish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir.
Yakka mehnat nizolari komissiyasi (keyingi o’rinlarda – "komissiya”) – ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi (keyingi o’rinlarda – "xodimlar vakillari”) ishtirokida shakllantiriladigan, nizolarni ko’rib chiquvchi organ.
 
II. Komissiyalarni shakllantirish
 
Komissiyalarni tuzish, uning son tarkibi va vakolat muddati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi va xodimlar vakillari o’rtasidagi kelishuvda belgilanadi.
Jamoa shartnomasida Komissiya faoliyatini bevosita korxonada, shuningdek kasaba uyushmasi sex tashkiloti tashkil etilgan hollarda esa tarkibiy tuzilmalarda joriy etish nazarda tutilishi mumkin.
Komissiya tarkibi ish beruvchi va xodimlar vakillari tomonidan tenglik asosida shakllantiriladi.
Komissiyaga xodimlar vakillaridan ajratilgan a’zolar tegishli organning qarori bilan, ish beruvchining vakili esa, uning buyrug`i bilan tasdiqlanadilar. Komissiya a’zolarini o’zgartirish ham shu tartibda amalga oshiriladi.
Komissiya tomonidan nizolarni ko’rib chiqish tartibini belgilash maqsadida korxonada (jamoa shartnomasiga ilova tarzida) lokal normativ akt sifatida komissiya to’g`risida Nizom qabul qilish tavsiya etiladi.
 
III. Komissiyaning ishini tashkil etish
 
Komissiya vakolatiga doir masalalar uning majlislarida ko’rib chiqiladi.
Komissiyaning har bir majlisida raislik vazifasini ish beruvchi va xodimlar vakili navbatma-navbat bajaradilar. Bunda bir majlisda raislik va kotiblik vazifasini ayni bir tarafning vakillari bajarishi mumkin emas.
Komissiyaning har bir majlisida taraflar keyingi majlisning raisi va kotibini tayinlaydi, ularga majlis hujjatlarini tayyorlash va chaqirish vazifasini yuklaydi.
Majlisning o’tishi uchun a’zolarning yarmidan ko’pi (kvorum) ishtiroki talab etilmaydi, ish beruvchi va xodimlar vakillarining teng miqdordagi a’zolari ishtiroki yetarli hisoblanadi.
Rais yoki kotibning komissiya majlisida ishtirok etmasligi majlisning qoldirilishiga asos bo’lmaydi. Bu holda taraflarning kelishuvi bilan majlisda ishtirok etuvchilar orasidan tegishli navbatga ko’ra komissiya raisi va majlis kotibi tayinlanadi.
Jamoa shartnomasiga komissiya a’zosini komissiya ishida ishtirok etishiga sharoit yaratish maqsadida ish haqi saqlangan holda asosiy ishidan ozod etilgan vaqt ajratishni nazarda tutuvchi qoida kiritilishi mumkin.
 
IV. Komissiyaga nizolar yuzasidan murojaat etish
 
O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq nizolar komissiya yoki tuman (shahar) sudi tomonidan ko’rib chiqilishi, o’z navbatida xodim nizoni hal qilish uchun o’z xohishiga ko’ra ushbu organlardan biriga murojaat etishga haqli ekanligi qayd etilgan.
Komissiyaga murojaat etishdan avval xodim nizoni bartaraf etish yuzasidan ish beruvchi bilan muzokara o’tkazishi maqsadga muvofiq. Muzokaralarda hal etilmagan nizo yuzasidan ariza keyinchalik komissiyada ko’rib chiqish uchun kiritilishi mumkin.
Komissiyaga nizoni ko’rib chiqish yuzasidan ariza bilan faqat xodim yoki u vakil etgan shaxs murojaat etishga haqli, ish beruvchining bunday murojaati komissiya tomonidan ko’rib chiqilmaydi.
Komissiyaga murojaat etish vaqti, joyi va tartibi haqidagi ma’lumotlar tanishish uchun qulay bo’lgan joyda va shaklda xodimlar e’tiboriga yetkazilishi lozim. 
Xodimning komissiyaga yo’llagan yozma arizasi tegishli ro’yxatga olish daftarida qayd etiladi. Arizalarni ro’yxatga olish komissiya qarori bilan a’zolardan biriga (misol uchun kotibga) yuklatilishi lozim.
Ariza erkin shaklda yoziladi va unda:
korxonaning nomi;
ariza muallifi familiyasi, ismi, sha’rifi, ish va yashash joyi (manzili);
nizo mohiyati, arizachi talabini asoslovchi holatlar, isbotlovchi dalillar;
arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar ro’yxati;
ariza sanasi ko’rsatilishi va muallif tomonidan imzolanishi lozim.
Ariza ro’yxatga olingan kun muddatlarning boshlanish kuni hisoblanadi. 
Nizo yuzasidan komissiyaga ariza bilan murojaat etish vaqtida qonunlarda belgilangan uch oylik muddatga rioya etish lozim.
Muddatlarning uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilganligi, mehnat nizolari bo’yicha komissiya tomonidan ularni tiklashga asos bo’ladi.
Quyidagi nizolar bevosita tuman (shahar) sudlari yurisdiksiyasiga taalluqliligi sababli komissiya tomonidan ko’rib chiqilmaydi:
Mehnat vazifalarini bajarayotganda xodimning sog`lig`iga shikast yetkazilgani oqibatidagi zararni (shu jumladan, ma’naviy zarar) yoki mol-mulkga yetkazilgan zararni ish beruvchi tomonidan to’lanishi haqida nizolar;
mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat’i nazar, ishga tiklash to’g`risida, mehnat shartnomasini bekor qilish vaqti va asoslari ta’rifini o’zgartirish to’g`risida, majburiy progul yoki kam haq to’lanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq to’lashga doir nizolar;
xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning to’lanishi haqida nizolar;
asossiz ravishda ishga qabul qilish rad etilganligi haqida nizolar (O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 78-moddasi);
ish beruvchi va xodimlar vakillari bilan oldindan kelishib hal etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqqan nizolar.
Shuningdek, ayrim toifadagi davlat xizmatchilarining mehnat shartnomasini bekor qilish, boshqa ishga o’tkazish, asossiz ravishda boshqa ishga o’tkazish yoki mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish bilan bog`liq holda yetkazilgan zararni undirish va intizomiy jazo berish masalalariga taalluqli mehnat nizolari alohida qonunlarda belgilangan tartibda ko’rib chiqilib, mehnat nizolari komissiyalari vakolatiga taalluqli emas (O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 276-moddasi).
 
 
V. Komissiyada nizolarni ko’rib chiqish tartibi
 
Komissiya majlisi o’tkaziladigan joy va vaqt haqida xodim va ish beruvchi, shuningdek, nizoni kůrishda ishtirok etuvchi guvohlar va mutaxassislar oldindan yozma shaklda xabardor qilinadi.
Komissiya mehnat nizosini ariza berilgan kundan boshlab o’n kun muddat ichida ko’rib chiqishi shart.
Komissiya o’n kunlik muddat ichida mehnat nizosini ko’rib chiqmasa yoki hal etmasa, taraflar vakillari, komissiya a’zolari majlisda ishtirok etishdan bosh tortgan hollarda manfaatdor xodim ushbu nizoni ko’rishni tuman (shahar) sudiga o’tkazishga haqli. 
Nizo ariza bergan xodimning ishtirokida ko’riladi. Xodimning ishtirokisiz nizoni ko’rib chiqishga uning yozma arizasi bo’lgan taqdirdagina yo’l qo’yiladi. Basharti xodim uzrsiz sabab bilan komissiya majlisiga kelmasa, mazkur arizani ko’rib chiqishni kun tartibidan olib tashlash xususida qaror qabul qilinishi mumkin. Bu holat xodimni takroran ariza bilan murojaat etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Xodim, uning vakillari mehnat nizosi ko’rib chiqilishida ishtirok etish uchun advokat taklif qilish huquqiga ega. 
Komissiya majlisga guvohlarni chaqirtirish, mutaxassislarni taklif qilish, ish beruvchidan zarur hisob-kitoblar va hujjatlar taqdim etishini talab qilish huquqiga ega.
Komissiyaning majlisida bayonnoma yuritiladi va ko’rib chiqilgan masala yuzasidan qaror qabul qilinadi. Bayonnoma va qaror komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Bayonnomada quyidagilar aks etishi lozim:
majlis o’tkazilayotgan joy va sana;
korxona nomi va  komissiya tarkibi;
ariza bergan xodimning familiyasi, ismi, sha’rifi, lavozimi;
ariza kelib tushgan sana va nizoning mohiyati;
komissiya yig`ilishida ishtirok etayotgan shaxslar, shu jumladan taraflarning vakillari, guvohlar va mutaxassislar haqida ma’lumotlar;
nizoni ko’rib chiqishda ishtirok etayotgan shaxslarning arizalari, iltimosnomalari va tushuntirishlari;
guvohlar ko’rsatmasi, mutaxassislar xulosasi va izohi, yozma dalillarni o’rganish natijalari;
komissiya qarorining mazmuni va uning asosi (qonun hujjatlari, jamoa, mehnat shartnomalariga havola keltirgan holda);
komissiya qarorining mazmuni, qaror ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari tushuntirilganligi haqida ma’lumot.
Komissiya ish beruvchi va xodimlar vakillari o’rtasidagi kelishuvga binoan nizo bo’yicha xodim talabini qanoatlantirish, qisman qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Qaror dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat to’g`risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga, mehnat shartnomasiga asoslangan bo’lishi kerak.
Basharti, komissiya ko’rib chiqilgan nizo bo’yicha xodimning talablarini qisman qanoatlantirish haqida to’xtamga kelsa, qarorda xodimning qanoatlantirilgan va rad etilgan talablari, shuningdek, ish beruvchi bajarishi lozim bo’lgan harakatlar aniq va ravshan aks etishi lozim.
Shu singari, pul undirish haqidagi nizolar bo’yicha qaror qabul qilish chog`ida komissiyaning qarorida xodimga tegishli summa aniq ko’rsatilishi lozim.
Basharti, nizo yuzasidan ish beruvchi va xodimlar vakillari o’rtasidagi kelishuvga erishilmasa va qaror qabul qilinmasa, bu haqda bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
Komissiya qarorida quyidagilar ko’rsatilishi lozim:
korxona (bo’lim) nomi, komissiyaga murojaat qilgan xodimning familiyasi, ismi, sha’rifi, lavozimi;
komissiyaga murojaat qilingan va nizo ko’rib chiqilgan sana;
nizoninng mohiyati;
qabul qilingan qarorning mohiyati va asosi (qonun hujjatlari, jamoa, mehnat shartnomalariga havola keltirgan holda);
yig`ilishda ishtirok etgan komissiya a’zolari familiyasi, ismi, sha’rifi; 
kun tartibidagi masala yuzasidan to’xtam, ya’ni qanoatlantirish, qisman qanoatlantirish, rad etish haqida qaror yoki kelishuvga erishilmaganligi haqida ma’lumot.
Qaror majburiy kuchga ega bo’lib, biron bir tarzda tasdiqlanmaydi.
Qabul qilingan qarorning nusxasi qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida xodimga, ish beruvchiga va xodimlar vakillariga topshiriladi.
 
VI. Komissiya qarorini bajarish
 
Mehnat nizolari komissiyasining qarori bu qaror ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan o’n kunlik muddat o’tgandan keyin uch kun ichida ish beruvchi tomonidan bajarilishi kerak.
Komissiyaning g`ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o’tkazilgan xodimni avvalgi ishiga tiklash yoki xodimga uch oydan ko’p bo’lmagan muddat uchun ish haqini to’lash to’g`risidagi qarori darhol ijro etilishi lozim. 
Ish beruvchi tomonidan qarorning ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan komissiya ijro kechiktirilgan barcha vaqt uchun xodimga o’rtacha ish haqi to’lash yoki ish haqidagi farqni to’liq miqdorda to’lash haqida qaror chiqaradi.
Basharti, ish beruvchi belgilangan muddat ichida komissiya qarorini bajarmasa, komissiya tomonidan xodimga ijro varaqasi kuchiga ega bo’lgan guvohnoma beriladi.
Guvohnoma komissiya raisi tomonidan imzolanadi va komissiya muhri bilan, komissiya muhri bo’lmagan hollarda raislik qiluvchi taraf muhri bilan tasdiqlanadi.
O’zbekiston Respublikasining "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to’g`risida”gi Qonuniga muvofiq, guvohnoma rasmiy ijro hujjati hisoblanadi va majburiy ijro uchun asos hisoblanadi.
Ijro hujjatining asl nusxasi yo’qolgan taqdirda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda beriladigan uning dublikati undiruv uchun asos bo’ladi.
Qonun talablariga ko’ra guvohnomada quyidagilar ko’rsatilishi lozim:
Komissiya (korxona) nomi;
Guvohnoma raqami va uni berishga asos bo’lgan komissiya qarori (tartib raqami va sanasi);
Xodim (da’vogar)ning familiyasi, ismi, sha’rifi, ish beruvchi (javobgar)ning to’liq nomi va manzili;
Komissiya qarorining ko’rsatma beruvchi (qaror) qismi;
Komissiya qarorining kuchga kirish sanasi;
Komissiya guvohnomasi berilgan sana va uni ijroga qaratish muddatlari.
Sud ijrochisi komissiyaning qarorini majburiy tarzda ijro ettirishi uchun xodim yoki manfaatdor shaxs komissiya tomonidan berilgan guvohnomani olgan kundan boshlab uzog`i uch oy ichida tuman (shahar) sudiga taqdim etishi lozim.
Lekin, ish beruvchi yoki xodim nizoni ko’rib chiqish uchun sudga ko’chirish haqida ariza bilan murojaat etgan taqdirda guvohnoma berilmaydi.
Basharti, g`ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o’tkazilgan xodim komissiya tomonidan berilgan guvohnoma asosida komissiya qarorini majburiy ravishda ijro ettirish yuzasidan sudga murojaat qilsa, sudga kiritilgan da’voda qaror ijrosi kechiktirilganligi tufayli yuzaga kelgan majburiy progul vaqti uchun xodimga haq undirish to’g`risida talab ko’rsatilishi mumkin.
 
VII. Komissiya qarori ustidan shikoyat qilish
 
Komissiyaning qarori ustidan manfaatdor xodim yoki ish beruvchi komissiya qarorining nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran o’n kunlik muddat ichida fuqarolik ishlari bo’yicha tuman (shahar) sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Mazkur muddat uzrli sabablarga binoan o’tkazib yuborilgan taqdirda, o’tkazib yuborilgan muddatni tiklash va nizoni mohiyati bo’yicha ko’rib chiqishni so’rab sudga da’vo arizasi kiritish mumkin.
 
VIII. Kasaba uyushmasining komissiya faoliyatiga
ko’maklashish borasidagi vazifalari
 
Kasaba uyushmasi a’zosi nizo yuzasidan korxonaning boshlang`ich kasaba uyushmasi qo’mitasiga murojaat etgan taqdirda, kasaba uyushmasi qo’mitasi xodimga ish beruvchi bilan munosabatlarida ko’maklashishi, jumladan, nizoni hal etishda ishtirok etishi, xodimga uning huquqlari, buzilgan huquqlarini tiklash tartibi va usullarini tushuntirishi, komissiyaga murojaat etish bilan bog`liq hujjatlarni rasmiylashtirishga ko’maklashishi lozim. 
Zarur hollarda kasaba uyushmasi boshlang`ich tashkiloti amaliy yordam so’rab, yuqori turuvchi kasaba uyushmasi organiga murojaat etishi mumkin.
Kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan vakolat berilgan, komissiya a’zosi hisoblanmagan shaxs nizoni ko’rib chiqish jarayonida xodim manfaatini ko’zlab ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, kasaba uyushmasi qo’mitasi a’zolari mehnat nizosini ko’rib chiqish jarayoniga guvoh yoki mutaxassis sifatida jalb etilishi mumkin.
Nizolarni hal etish jarayonida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushmasi:
komissiya faoliyatini yo’lga qo’yishda tashabbus ko’rsatib, doimiy ko’maklashib boradi;
korxonada komissiya faoliyatini tartibga solishga qaratilgan Nizom qabul qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
korxonada xodimlarning bir nechta vakillik organi faoliyat yuritgan hollarda, o’z a’zolari nomzodini komissiya tarkibiga tavsiya etib, mehnat jamoasining umumiy yig`ilishi tomonidan tasdiqlanishiga erishadi;
ish beruvchi bilan nizolarni hal etish yuzasidan bevosita muzokaralar jarayonida xodimlar vakili sifatida ishtirok etadi;
kasaba uyushmasi a’zosiga komissiya yoki sudga ariza kiritish, shuningdek, nizoni ko’rib chiqish bilan bog`liq boshqa materiallarni tayyorlashda ko’maklashadi;
komissiya faoliyatida o’z vakillari – komissiya a’zolari orqali ishtirok etadi;
komissiya qarorlarini ijro etishda ko’maklashadi;
komissiya a’zolari va xodimlarning mehnat qonunchiligi bo’yicha bilimlarini oshirish yuzasidan o’qishlar tashkil etadi;
jamoa shartnomalariga komissiya a’zolari uchun amaldagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo’shimcha kafolatlar kiritilishida tegishli chora-tadbirlarni ko’radi.
 
IX. Yakuniy qoidalar
 
Komissiya hujjatlari korxonaning moliya-xo’jalik faoliyatiga doir hujjatlar singari qat’iy hisobga qo’yilishi va saqlanishi lozim.
Ish beruvchi tomonidan komissiyaning faoliyatiga tashkiliy jihatdan ko’maklashish, hujjat yuritish va ularni saqlash uchun mas’ul shaxs tayinlanadi.
Komissiya faoliyatini tugatish taraflar kelishuviga ko’ra jamoa shartnomasiga o’zgartirish kiritish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Mazkur tavsiyalar O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan kelishilgan.

Maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing.



Ma`lumot
Mehmon guruhida bo`lgan Foydalanuvchilar ushbu maqolaga sharh qoldira olishmaydi.

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish